Ushbu yodgorlik hozirgi Samarqand shahrining shimolida, Siyob daryosi bo‘yida joylashgan.
Arxeologik tadqiqotlar Afrosiyobda odamlar taxminan 2750 yil oldin paydo bo‘lganligini
isbotladi. Qazishmalar natijasida o‘sha davrga xos qurilish materiallari, sopol idishlar topilib
radioaktiv uglerodning parchalanishi orqali o‘tkazilgan analiz asosida yodgorlikning yoshi
aniqlandi. Shahar bir nechta yirik sun’iy sug‘orishga asoslangan rivojlangan dehqonchilik
va hunarmandchilik jamoalrining birlashishi orqali tashkil topgan. Shu sababdan biz uni
dunyodagi eng qadimgi shaharlar qatoriga kiritishimiz mumkin. Ko‘p yillik qazishmalar
Zarafshan vohasidagi ushbu shaharsozlik markazining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi
1220 yil, ya’ni Chingizxon qo‘shinlari tomonidan vayron qilingunga qadar davom etganini
kuzatishga imkon berdi. Bir necha yillar davomida (1969-1972) SamDU Tarix fakulteti
“Afrosiyobni tarixiy-arxeologik o‘rganish bo‘yicha muammoli laboratoriya” tomonidan
M. D. Jo‘raqulov va Y. K. Krikis rahbarligida So‘g‘dning IX-XII asrlar tarixiy xotirasini
saqlaydigan yodgorlikning g‘arbiy qismida samarali arxeologik tadqiqotlar olib borildi.
Ming yillar davomida O‘rta Osiyoning eng muhim madaniy markazlaridan deb hisoblangan
qadimgi Samarqand - Afrosiyob shaharchasini o‘rganish natijalari muzey ko‘rgazmasining 3
ta ekspozitsiyada aks etgan.